Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

Yo‘nalishlarni belgilangan muddatgacha tanlamagan abituriyentlar oliygohlarga qabul qilinmaydi

05-avgust 08:49
Yo‘nalishlarni belgilangan muddatgacha tanlamagan abituriyentlar oliygohlarga qabul qilinmaydi

Abituriyentlar 10-avgustga qadar (shu kuni ham) oliy ta’lim muassasalari yo‘nalishlarini tanlashlari talab etiladi. Yo‘nalishlarni belgilangan muddatgacha tanlamagan abituriyentlar oliygohlarga qabul qilinmaydi.

Tanlov jarayonida abituriyentlar beshtagacha OTM, ta’lim yo‘nalishlari va shakllari hamda tanlov ustuvorligini belgilashlari lozim.

Bunda abituriyentlar quyidagilarga e’tiborli bo‘lishlari tavsiya etiladi:

Agar abituriyent ustuvorlik sifatida “Davlat granti”ni tanlasa, u dastlab davlat granti uchun ajratilgan qabul parametrlari doirasida, tanlagan ta’lim yo‘nalishlarining qat’iy ketma-ketligi asosida to‘plagan bali bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi. Abituriyent davlat grantiga talabalikka tavsiya etilmagan taqdirda, yuqoridagi tartib bo‘yicha to‘lov-kontrakt uchun ajratilgan qabul parametrlari doirasida tanlovda qatnashadi. Ya’ni, abituriyentning bali avval davlat granti bo‘yicha ko‘rib chiqiladi, hech biriga tavsiya etilmagan taqdirda, to‘lov-kontrakt bo‘yicha tanlovda ishtirok etadi.

Agar abituriyent “Ta’lim yo‘nalishi”ni ustuvorlik sifatida tanlasa, ta’lim yo‘nalishlarining qat’iy ketma-ketligi asosida to‘plagan bali bo‘yicha davlat granti va to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari doirasida tanlovda ishtirok etadi.

Shuningdek, abituriyentlar agar maqsadli qabul mavjud bo‘lsa, unga rozi yoki yo‘qligi hamda ta’lim shakllarini tanlashlari lozim. Bunda kamida 1 ta ta’lim yo‘nalishini tanlash majburiy, qolgan ta’lim yo‘nalishlarini tanlash esa ixtiyoriydir.

10-avgustga qadar abituriyentlar tanlovlarini tahrir qilish imkoniyatiga ega.