Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

Magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab beriladi

04-sentabr 14:14
Magistraturada o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz qoplab beriladi

Hukumat qarori (447-son, 15.08.2022 y.) asosida davlat OTMlarining magistratura bosqichida o‘qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt-to‘lovlari qaytarish shartisiz Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bu tartib Prezident huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Iqtisodiy va moliya vazirligi huzuridagi Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi hamda Bank-moliya akademiyasi uchun ham amal qiladi.

❗️Buning uchun talabgor to‘lov-kontraktning to‘liq summasini qoplab berish yuzasidan o‘zlari taʼlim oladigan OTM rektori (filial direktori) nomiga 15-sentyabrgacha ariza bilan murojaat etadi.

Quyidagilarga tatbiq etilmaydi:

  • 15-sentyabrdan kechiktirib topshirilgan arizalarga;
  • tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt to‘lovlariga;
  • qo‘shma taʼlim uchun.

Qo‘shimcha ma’lumotlar:

  • magistraturada o‘qiydigan HAMMA talaba-qizlarning kontrakti to‘lab beriladi. Ayrimlar faqat kam taʼminlangan ayollarga to‘lanadi, deb tushunayotgan ekan. Yo‘q, unaqa emas.

Milliarderning qiziga ham, ehtiyojmandning qiziga ham, umuman HAMMAGA davlat tomonidan birdek to‘lab berilaveradi. Faqat 15-sentyabrgacha ariza berish kerak bo‘ladi. Masalan, qaysidir boy inson magistraturada o‘qiydigan qiziga kontrakt to‘lab berishini davlatdan so‘rashga xijolat bo‘lib, o‘zi to‘lashni istasa, unda bemalol o‘zi to‘lashi mumkin. Ariza bermay qo‘ya qoladi xolos;

  • qo‘shma taʼlim shaklida tashkil qilingan magistratura mutaxassisliklari uchun kontrakt to‘lab berilmaydi. Garchi ushbu qo‘shma taʼlim davlat OTMda bo‘lsa ham.