Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

Davlat granti uchun chegara nima degani?

28-iyul 09:53
Davlat granti uchun chegara nima degani?

Oliy taʼlim muassasasining umumiy qabul parametriga nisbatan davlat granti kvotasi ulushining chegarasi haqida ko‘pchilik so‘ramoqda. Bu raqamlar nimani anglatishini tushuntiraman.

Eng avvalo ushbu jadvaldagi raqamlar foizni anglatadi. Ya’ni ma’lum bir oliygohning qaysidir yo‘nalishiga ajratilgan kvotaning shuncha foizi miqdorida grant ajratilishi mumkin.

Keling, aniq misol bilan tushuntiraman.

  • Yurisprudensiya uchun jami davlat granti kvotasi — 115 ta;
  • Yurisprudensiya uchun davlat granti ulushi chegarasi — 10%;• Toshkent davlat yuridik universiteti jami kvotasi — 650 ta.

Masalan, yurisprudensiya uchun bir oliygoh kesimida 10 foizlik grant chegarasi belgilanibdi.

Bu degani, bitta oliygoh yurisprudensiya yo‘nalishi uchun ajratilgan kvotaning maksimum 10 foizini davlat granti shaklida olishi mumkin, qolgani kontrakt bo‘ladi.

Misol uchun, Toshkent davlat yuridik universitetiga jami 650 ta kvota ajratilgan.

Bu grant va kontrakt uchun jami kvota hisoblanadi.

TDYU mana shu 650 ta kvotaning maksimum 10% qismini grant shaklida olishi mumkin. Demak, Yuridik universitetga topshirgan abituriyentlar 65 ta grantgacha olishi mumkin. Qolgan 585 ta kvota kontrakt bo‘ladi.

65 ta bu maksimum cheklov. Grant undan kamroq ham bo‘lishi mumkin, bu abituriyentlar olgan ballarga bog‘liq.

Aytgancha, joriy yilda TDYU uchun yagona yurisprudensiya yo‘nalishiga qabul bo‘ladi. Avvalgi yillardagi kabi fakultetlar kesimida kvota tasdiqlanmagan. Talabalar keyinchalik fakultetlarga ajratiladi.

Agar yurisprudensiya uchun ajratilgan jami 115 ta grantning 65 tasini TDYU olsa, qolgan 50 tasi boshqa oliygohlarning yurisprudensiya yo‘nalishida yuqori ball olgan abituriyentlarga ajratiladi.

O‘tgan yili Yuridik universitetga 25 ta davlat granti uchun kvota berilgandi. Bundan ko‘rinib turibdiki, yangi tizim, ya’ni grant kvotasini oliygohlar kesimida emas, yo‘nalishlar kesimida tasdiqlash amaliyoti aqlli abituriyentlarga ko‘proq imkoniyat beryapti. Bu yaxshi.