Testdan keyin abituriyent nimalarni tanlaydi?
Mandat natijalari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Joriy yilda ilk marta testgacha faqat fanlar majmuasi tanlanadigan bo‘ldi. Qolgan muhim jihatlar testdan keyin tanlanadi.
Xo‘sh, testdan keyin abituriyent nimalarni tanlaydi?
Birinchidan: beshtagacha yo‘nalish tanlaydi.
Bunda test topshirgan fanlar majmuasiga to‘g‘ri keladigan istalgan yo‘nalishlarni va istalgan OTMlarni tanlashi mumkin.
Ko‘pchilik ro‘yxatdan o‘tish chog‘ida tanlagan yo‘nalishini o‘zgartirsa bo‘ladimi, deb so‘ramoqda. Bu haqda avval ham aytgandik, UzBMB saytida fanlar majmuasini emas, yo‘nalishni tanlaydigan qilishgani uchun ko‘pchilik chalg‘ib qoldi. Lekin siz tanlagan yo‘nalish hech narsani anglatmaydi, shunchaki osonroq bo‘lishi uchun misol sifatida qo‘yilgandi xolos.
Xullas, siz ro‘yxatdan o‘tishda qaysi yo‘nalishni tanlaganingiz muhim emas, testdan keyin fanlaringizga mos keladigan istalgan beshtagacha yo‘nalishni tanlay olasiz.
Ikkinchidan, ta’lim shaklini tanlaydi.
Bunda kvotada ajratilgan joyga qarab, kunduzgi, sirtqi, kechki yoki masofaviy shaklni tanlash mumkin. Yoki beshta yo‘nalish ichida aralashtirib tanlasa ham bo‘ladi. Masalan, 1 va 2-yo‘nalishga kunduzgi, 3-ga sirtqi, 4-ga kechki va 5-ga masofaviy qilib.
Qaysi yo‘nalishda sirtqi, kechki, masofaviy bor-yoki yo‘qligini kvotalar chiqqach bilib olishingiz mumkin. Lekin hozircha kvotalar tasdiqlanmadi.
Uchinchidan, tanlov ustuvorligini tanlaydi.
Bunda tanlov ustuvorligini yoki davlat grantiga, yoki yo‘nalishga qaratish mumkin. Masalan, kimdir "menga qaysi beshta yo‘nalishdan biriga kirishimning farqi yo‘q, asosiysi davlat grantiga kirishim kerak", desa, unda ustuvorlikni grantga beradi. Kimdir esa aksincha "men birinchi tanlagan yo‘nalishimga kirishim shart, kontraktga kirsam ham roziman" desa unda ustuvorlikni yo‘nalishga beradi.
XULOSA: Demak, abituriyentlar 14-25-iyul kunlari testga kirib chiqadi. Necha ball olganini ertasi kuni bilib olishadi. Barcha testlar tugagach, yuqoridagi uchta masalani tanlash uchun 15 kun vaqt beriladi. 15 kun o‘tgach, umumiy mandat shakllantirish boshlanadi. Qoida tariqasida, yakuniy mandat 1 hafta ichida chiqishi kerak. Demak, 20-avgust atrofida mandat chiqishi mumkin (agar avvalgi yillardagidek tasdiqlashni cho‘zib yuborishmasa).
Oliygohlarning mandati chiqib bo‘lgach, o‘qishga kira olmagan abituriyentlarga kollej va texnikumlarni tanlash uchun imkoniyat beriladi. Bunga 10 kun vaqt ajratiladi.