Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

Talaba farzandli bo‘lsa, OTMdan suyunchi puli beriladimi?

05-iyul 08:23
Talaba farzandli bo‘lsa, OTMdan suyunchi puli beriladimi?

Qisqa javob: yo‘q, bu noto‘g‘ri xabar.

Suyunchi puli olish uchun hech qayerga murojaat qilish shartmas, avtomat ravishda ota-onadan birining plastik kartasiga tushadi.Qonunchilikka ko‘ra, istalgan oilada farzand tug‘ilganda bir martalik nafaqa puli beriladi. Bu xalq tilida “suyunchi puli” deyiladi.

Maʼlumot uchun: “suyunchi puli” summasi — mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Yaʼni hozirgi kunda 738 ming 150 so‘mni tashkil etadi.

Bir necha yillar oldin ushbu “suyunchi puli”ni ishlayotganlar ish joyidan, o‘qiyotganlar o‘qish joyidan, ishsizlar esa Pensiya jamg‘armasidan olar edi.

Ammo bu tizim o‘zgarib ketganiga 4 yil bo‘ldi.

Bugungi kunda bola tug‘ilganda “suyunchi puli” olish uchun hech qayoqqa murojaat qilish shart emas. Kimgadir ariza berish ham, qayoqqadir borib uchrashish ham shart emas. Barchasi avtomatlashgan.

Bola tug‘ilganda avtomatlashgan tizimning o‘zi JShShIR raqam beradi, tug‘ilganlik guvohnomasini rasmiylashtirish uchun ariza yuboradi, bog‘chaga navbatga qo‘yadi, poliklinikaga ro‘yxatga kiritadi. Xuddi shunday “suyunchi puli” ham ota-onadan birining plastik kartasiga avtomat tushadi. Yana qaytaraman, buning uchun hech qayoqqa borish yoki ariza berish shart emas.

Xulosa: bola tug‘ilganda rektor nomiga ariza bersak, pul olarkanmiz, degan xabarlar eski. Hozir bunaqa tizim yo‘q.