Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

«Super-kontrakt» haqida ayrim maʼlumotlar

26-avgust 08:45
«Super-kontrakt» haqida ayrim maʼlumotlar

O‘qishga kira olmagan ko‘plab abituriyentlarda super-kontrakt bilan bog‘liq savollar paydo bo‘layotganini hisobga olib, ayrim tushuntirish berib o‘taman.

Eng avvalo bir narsani unutmang: 2024-yil uchun super-kontrakt narxi va tartiblari hozircha tasdiqlangani yo‘q. Tasdiqlansa, qo‘shimcha xabar beramiz.

  1. 4 ballgacha yetmaganlar qancha to‘laydi?

Super-kontraktning 4 ballgacha shkalasi quyidagicha:

  • o‘tish baliga 1,05 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun – bazaviy to‘lov-kontrakt miqdorining 1,5 barobari;

(masalan, kontrakt 10 mln so‘m bo‘lsa, 1 ballgacha yetmaganlar 15 mln so‘m to‘laydi);

  • 1,06 balldan 2,05 ballgacha — 2 barobari;
  • 2,06 balldan 3,05 ballgacha — 2,5 barobari;
  • 3,06 balldan 4,05 ballgacha — 3 barobari.

❗️ ESLATMA: 4,05 ballgacha deb yozilganiga ko‘pchilik chalg‘imoqda va buni 4,5 ball deb o‘ylayapti. Ammo unaqa emas. 4,05 (to‘rt-u yuzdan nol besh) ball bilan 4,5 (to‘rt yarim) ballning farqi katta. Kirish chizig‘iga 4,1 (to‘rt-u bir) balldan ko‘p yetmagan abituriyentlar yuqoridagi 4 ballik shkalaga tushmaydi.

4,1 ball va undan ko‘proq yetmaganlarning barchasiga (56,7 balldan baland bo‘lsa) 8, 10, 12, 15, 17 va 25 baravar qo‘llanadi.

Super-kontrakt bilan bir qatorda oddiy kontrakt ham qo‘shib to‘lanadimi?

❗️ Yo‘q, unaqa emas. Birinchi yili faqat super-kontrakt summasi to‘lanadi, oddiy (bazaviy) kontrakt qo‘shib to‘lanmaydi. Ikkinchi yildan boshlab esa faqat oddiy kontrakt to‘lanadi, super-kontrakt to‘lanmaydi.

Super-kontrakda o‘qishni xohlaganlar qachongacha ariza berishi kerak?

❗️ Hali super-kontrakt uchun arizalar qabul qilinmayapti. Ertagayoq OTMga yugurib borishingiz shart emas. Arizani sentyabr oyida, o‘qishlar boshlangach ONLAYN berasiz.

Kim birinchi ariza bersa, o‘sha birinchi qabul qilinadi, degan qoida yo‘q. Talabgorlar to‘plangan ballga qarab tartibga solinadi, yaʼni avval yuqori ball to‘plaganlarga imkon beriladi.

Ariza berish uchun OTMga borish kerakmi?

❗️ Yo‘q. 3 yildan buyon super-kontrakt uchun arizalar onlayn qabul qilinadigan bo‘ldi. Siz uyingizdan chiqmagan holda internet orqali ariza yuborasiz. Buning uchun OTMga kelish, kimnidir kabinetida navbat kutish, kimlargadir iltimos qilish shartmas. Ariza qabul qilinadigan sayt ishga tushgach, qo‘shimcha xabar qilinadi.

O‘qishga KIRGANLAR boshqa yo‘nalishga super-kontraktni tanlay oladimi?

❗️ Masalan, birinchi va ikkinchi yo‘nalishga bali yetmadi, lekin uchinchi yo‘nalishga o‘qishga kirdi. Abituriyent uchinchi yo‘nalishda o‘qishni istamay, birinchi yoki ikkinchi yo‘nalishda super-kontraktda o‘qiy oladimi?

Bu masala hozircha ochiq turibdi, joriy yilgi tartib tasdiqlanmagan.

O‘tgan yili abituriyent o‘zi tanlagan BIRINCHI yo‘nalishga kira olmagan, lekin 2, 3, 4 yoki 5-yo‘nalishlardan biriga o‘qishga kirgan bo‘lsa, unda istisno tariqasida faqat BIRINCHI tanlagan yo‘nalishida super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berilgan edi. Bu istisno 2, 3 yoki 4-yo‘nalishga taalluqli emas. Yaʼni 3 ga kirgan bo‘lsa, 2-yo‘nalishda super-kontraktda o‘qiy olmasdi, faqat BIRINCHIga ruxsat berilgandi. Joriy yilgi tartib tadsiqlansa, qo‘shimcha xabar beriladi.

O‘qishga KIRA OLMAGANLAR istalgan beshta yo‘nalishda super-kontrakt qila olishadimi?

❗️ Ushbu masala ham hozircha nomaʼlum. Aniq bo‘lgach, xabar beriladi. O‘tgan yili beshala yo‘nalishiga ham o‘qishga kira olmagan abituriyentlar istalgan beshta yo‘nalishdan birini tanlab, super-kontraktda o‘qishiga ruxsat berilgan edi.

Super-kontrakt uchun ta’lim krediti beriladimi?

❗️ Yo‘q, super-kontrakt uchun ta’lim krediti berilmaydi. Ammo ayrim banklar tijoriy shartlarda oddiy kredit taklif qilishi mumkin.

Ammo super-kontraktga kirganlar 2-kursdan oddiy kontrakt to‘lashga o‘tadi, shu sababli bemalol 2-kursdan taʼlim krediti olishi mumkin. Ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’limga beriladi.

Super-kontraktni bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi?

❗️ Ha, 4 ga bo‘lib to‘lash mumkin.