Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

O‘zbek tili bo‘yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball to‘plaganlarga imtihon xarajati qoplab beriladi

27-iyun 06:12
O‘zbek tili bo‘yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball to‘plaganlarga imtihon xarajati qoplab beriladi

Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan o‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari 2025 yil 1 yanvardan boshlab qoplab berilishi rejalashtirilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining “O‘zbek tili va adabiyot fani bo‘yicha milliy sertifikat imtihonida yuqori ball (daraja) to‘plagan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish tartibini joriy etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar:

  • O‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlarini to‘liq qoplab berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti;
  • imtihon topshirish xarajati kompensatsiya qilinadigan imtihon tizimi tasdiqlanadi.

Belgilanishicha:Yoshlar ishlari agentligining Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan o‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarida yuqori ball (daraja) olgan yoshlarga imtihon topshirish xarajatlari 2025 yil 1 yanvardan boshlab qoplab beriladi.

Agentlik:

  • a) 2024 yil 1 dekabrga qadar:

davlat xizmatini ko‘rsatish uchun zarur hujjatlar va boshqa hujjatlarning namunaviy shakllari, blankalari ishlab chiqilishini ta’minlaydi hamda Adliya vazirligi bilan kelishgan holda tasdiqlaydi;

Adliya vazirligi bilan birgalikda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YaIDXP) elektron davlat xizmatini joriy qilish bo‘yicha texnik hujjatni ishlab chiqadi, kelishish va tasdiqlash uchun Raqamli texnologiyalar vazirligiga kiritadi;

Raqamli texnologiyalar vazirligi birgalikda ariza beruvchilar taqdim etadigan hujjatlarning avtomatik ravishda belgilangan mezonlarga mos kelishini aniqlovchi va ma’lumotlarni saralovchi, shuningdek, YaIDXPda davlat xizmatlari ko‘rsatilishining har bir bosqichida murojaatlar ko‘rib chiqilishini kuzatib borish imkonini beruvchi xizmatni ishga tushiradi, shuningdek, tegishli vazirliklar va idoralarning YaIDXPga ulanishini va axborot tizimlarining o‘zaro integratsiya qilinishini ta’minlaydi;

  • b) 2024 yil 1 dekabrdan boshlab Adliya vazirligi bilan birgalikda davlat xizmatlari markazlarining xodimlari ishtirokida ushbu qaror bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentni amalda qo‘llashning samaradorligi va natijadorligi darajasini oshirishga yo‘naltirilgan o‘quv seminarlari o‘tkazilishini ta’minlaydi;
  • d) o‘zbek tili va adabiyot fanidan milliy sertifikat imtihonlarini tashkil etishga vakolatli tashkilotning tegishli imtihon topshirish xarajatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi hamda doimiy ravishda yangilab boradi.

Agentlik Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan birgalikda Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan imtihon topshirish xarajatini kompensatsiya qilish haqida ariza beruvchilarning elektron reyestri axborot tizimini yaratadi hamda uni keyinchalik texnik qo‘llab-quvvatlash va takomillashtirish choralarini ko‘radi.