Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun qo‘shimcha 5%li kvota taqsimoti
Mandat natijalari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Davlat qabul komissiyasining bayoni bilan huquqbuzarlik profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashda munosib hissa qo‘shgan, xizmat yoki ilmiy faoliyatida yuqori natijalarga erishgan ichki ishlar organlarining amaldagi xodimlari farzandlari uchun qo‘shimcha besh foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining oliy ta’lim muassasalari kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun respublika bo‘yicha jami 1 742 ta qo‘shimcha kvota ajratildi.
ESLATMA: mazkur imtiyozli kvota faqat birinchi yo‘nalish uchun amal qiladi. Ikkinchi, uchinchi va h.k. yo‘nalishlarga taalluqli emas. Lekin ular ham beshta yo‘nalish tanlay olishadi, faqat imtiyozli kvotaga kira olmay qolganda, o‘z bali bilan el qatori umumiy kvotada kurashadi.
Bu yerda faqat OTM nomi bor ekan, lekin yo‘nalishlar yo‘q-ku?
Imtiyozli kvota yo‘nalishlar kesimida emas, OTMlar kesimida berilgan. Bu qanday bo‘ladi?
Masalan, TATUda ichki ishlar organlari xodimlarining farzandlari uchun 27 ta kvota ajratilgan. Aytaylik, 100 nafar xuddi shu toifadagi abituriyent TATUni birinchi yo‘nalish sifatida tanladi. Ular turli yo‘nalishlarni tanlashgan, kimdir kiberxavfsizlik, raqamli iqtisodiyot, kimdir sun’iy intellekt va h.k.
Yo‘nalishidan qat’i nazar, mana shu 100 nafar IIO xodimlarining farzandlari to‘plagan ballar orasidagi eng yuqori ball olgan 27 nafar abituriyent o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga davlat granti asosida qo‘shimcha kvotaga o‘qishga kiradi. Qolgan 73 nafar abituriyent esa o‘zi to‘plagan bali bo‘yicha umumiy tartibda barcha bilan bellashadi. Bali yetsa, ular ham grant yoki kontraktga kirishlari mumkin.
IIO xodimlari farzandlariga ball qo‘shib beriladimi?
Yo‘q, hech qanaqa ball qo‘shib berilmaydi. Ular o‘zlari to‘plagan ball bilan bellashadi.