Huquqshunoslik fanlariga oid e’tirozlar bo‘yicha
Mandat natijalari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
2024-2025-o‘quv yilida oliy va professional ta’lim muassasalariga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarining ayrimlariga ijtimoiy tarmoqlarda e’tirozlar bildirilmoqda. Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2020-yil 6-noyabrdagi 4884-son qarorida davlat oliy ta’lim tashkilotlariga kirish uchun test sinovi topshiriqlarini tuzish va ekspertizadan o‘tkazishning yangi tartibi joriy qilinishi va test sinovi topshiriqlari davlat ta’lim standartlari va o‘quv dasturlari asosida tuzilishi belgilangan.
Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda huquqshunoslik fanlaridan ham test topshiriqlari amaldagi DTS va o‘quv dasturlari asosida shakllantirilgan bo‘lib, oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga kirish test sinovlarida huquqshunoslik fanlaridan foydalaniladigan test varianti tafsiloti Bilim va malakalarni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilingan. Shuningdek, abituriyentlar oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rishlari uchun o‘qishga tavsiya etilgan darsliklar va o‘quv adabiyotlar ro‘yxati ham agentlik saytida joylashtirilgan bo‘lib, huquqshunoslik fanlari bo‘yicha test topshiriqlari normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni inobatga olgan holda shakllantirilishi, qonun hujjatlariga belgilangan tartibda o‘zgartirish kiritilganda qonunning asl manbayi (O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi – lex.uz. sayti)ga murojaat qilinishi bo‘yicha ham ma’lumotlar e’lon qilingan.
2024-2025-o‘quv yili qabuli test sinovlarida foydalanilgan va abituriyentlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgan test topshirig‘ida O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlariga hurmatsizlik qilish yoki ota-onalar tomonidan voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘ralgan. Shu kabi test topshiriqlarini shakllantirishdan maqsad aynan huquqshunoslik yo‘nalishini tanlash istagida bo‘lgan abituriyentlarning shu sohada umumiy o‘rta ta’lim maktabida va akademik litseylarda olgan bilimlarini sinash, qolaversa, bu bilimlarni kundalik hayotda duch keladigan misollar orqali qay darajada tatbiq qila olishlarini aniqlashdan iborat. Yana shuni alohida ta’kidlash kerakki, normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha shakllantiriladigan test topshiriqlari butun hujjat asosida emas, balki o‘quv dasturida keltirilgan qismidan tuziladi. Shunga ko‘ra huquqshunoslik fanlaridan test topshiriqlarini shakllantirishda ham amaldagi DTS va o‘quv dasturlaridan chetga chiqish holatlari bo‘lmagan.
Bilimni baholash agentligi nafaqat huquqshunoslik fanlari bo‘yicha soha mutaxassislarini, balki barcha umumta’lim fanlaridan mutaxassislarni o‘zaro hamkorlikka taklif etadi.