Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

Harbiylarning farzandlari uchun qo‘shimcha 2%li davlat granti asosidagi kvota taqsimoti

29-iyul 18:35
Harbiylarning farzandlari uchun qo‘shimcha 2%li davlat granti asosidagi kvota taqsimoti

Davlat qabul komissiyasining bayoni bilan harbiylarning farzandlari uchun qo‘shimcha ikki foizli davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlarining tashkilotlar kesimidagi taqsimoti tasdiqlandi.

ESLATMA: mazkur imtiyozli kvota faqat birinchi yo‘nalish uchun amal qiladi. Ikkinchi, uchinchi va h.k. yo‘nalishlarga taalluqli emas.

‼️ESLATMA-2: ushbu qo‘shimcha kvota faqat kunduzgi ta’lim uchun taalluqli. Agar 2 foizli tavsiyanoma olgan harbiyning farzandi birinchi yo‘nalishga sirtqi, kechki yoki masofaviyni tanlasa, unda imtiyozdan foydalana olmaydi. Albatta, birinchi yo‘nalishga kunduzgini tanlash kerak. Qolgan 2, 3, 4 va 5-yo‘nalishlarga istaganini tanlash mumkin.

Bu yerda faqat tashkilotlar nomi bor ekan, lekin na OTMlar, na yo‘nalishlar yo‘q-ku?

Imtiyozli kvota OTMlar yoki yo‘nalishlar kesimida emas, tashkilotlar kesimida berilgan. Bu qanday bo‘ladi?

Masalan, Mudofaa vazirligiga 775 ta joy berilgan. Aytaylik, Mudofaa vazirligi tizimidagi xodimlarning farzandlari uchun jami 2 mingta tavsiyanoma berilgan (bu shunchaki misol, aslida ko‘p yoki kam bo‘lishi mumkin). Ular qaysi OTMni birinchi yo‘nalish sifatida tanlagani muhim emas. Masalan, kimdir Yuridik universitetni, kimdir Tibbiyot akademiyasini, kimdir Moliya institutini tanlagan va h.k. Qaysi yo‘nalishlarni tanlagani ham muhim emas.

Xullas, tanlagan oliygohidan qat’i nazar, Mudofaa vazirligi tizimida tavsiyanoma olgan 2 ming nafar harbiylarning farzandlari to‘plagan ballar orasidagi eng yuqori ball olgan 775 nafar abituriyent o‘zi tanlagan birinchi yo‘nalishga davlat granti asosida qo‘shimcha kvotaga o‘qishga kiradi. Qolgan abituriyent esa o‘zi to‘plagan bali bo‘yicha umumiy tartibda barcha bilan bellashadi. Bali yetsa, ular ham grant yoki kontraktga kirishlari mumkin.

Harbiylarning farzandlariga berilgan tavsiyanoma ball qo‘shib beradimi?

Yo‘q, hech qanaqa ball qo‘shib berilmaydi. Ular o‘zlari to‘plagan ball bilan bellashadi.