Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

Abituriyent javoblar varaqasini qanday boʻyash kerak?

26-iyun 16:00
Abituriyent javoblar varaqasini qanday boʻyash kerak?

Test boshlanishidan oldin

Test sinovlari boshlanishidan oldin o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlar to‘g‘ri kiritilganini tekshiring.

Shu orqali, javoblar varaqasi o‘zingizga tegishli ekanligini ham tekshiring.

So‘ng, test topshiradigan fanlar majmuangiz bilan tanishing.

Test topshiriqlari kitobidagi fanlar majmuasining ruxsatnomada ko‘rsatilgan fanlar bilan mosligini tekshiring.

Agar javoblar varaqasi sizga tegishli bo‘lmasa yoki test topshiriqlari kitobidagi fanlar mos kelmasa guruh nazoratchisiga xabar bering.

Undan keyin, test toshpiriqlari kitobining nuqsonsizligini tekshiring:

  • har bir fan bo‘yicha 30 tadan test topshirig‘i bo‘lishi kerak;
  • Har bir testda 4 tadan muqobil javob varianti mavjudligi;
  • test topshiriqlari kitobining yaxshi chop etilganligi.

Agar test topshiriqlari kitobida nuqson borligi aniqlansa, guruh nazoratchisiga xabar bering. Test sinovlari boshlangandan so‘ng, nazoratchilar e’tirozlarni ko‘rib chiqishmaydi.

Javoblar varaqasi va test topshiriqlari kitobi nuqsonsizligini tekshirganingizdan so‘ng, o‘zingiz haqingizdagi ma’lumotlarni yozing va imzolang.

Test topshiriqlari kitobi va javoblar varaqasiga familiya, ism va otasining ismини yozib, imzo qo‘yiladi.

Shaxsiy ma’lumotlar kiritilganidan so‘ng, javoblar varaqasiga test topshiriqlari kitobi raqamini yozib, bo‘yash kerak.

Undan so‘ng, javoblar varaqasiga variant raqami bo‘yaladi.

Test sinovlari boshlanguniga qadar test materiallari bilan ishlash taqiqlanadi.

Test sinovi boshlanganidan so‘ng

Belgilangan vaqt doirasida test topshiriqlari kitobini yechib, o‘zingiz to‘g‘ri deb topgan javoblarni javoblar varaqasiga belgilang. Bunda, test topshirig‘i raqamiga mos doirachalarni belgilashga e’tibor bering.

Abituriyentlar javoblar varaqasining to‘g‘ri to‘ldirilishi uchun shaxsan o‘zi javobgar hisoblanadi.

Abituriyent test topshiriqlari kitobidan qoralama sifatida foydalanishi mumkin.

Eslatma

Test sinovi davomida tarqatilgan ko‘k rangli sharikli ruchkadan foydalaning.

Har bir test topshirig‘iga faqat bitta javobni belgilang.

Doirachalarni to‘g‘ri belgilang.

Abituriyentlar quyidagi hollarda test sinovlaridan chetlatiladi:

  • mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalardan foydalansa;
  • test materialarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki ularga yordam bersa;
  • test sinovlari jarayonida bir-biri bilan gaplashsa;
  • test materiallarini binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirtsa;
  • test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugagandan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh tortsa.

Abituriyentlarning huquq va majburiyatlari:

  • test topshiriqlarida xatoliklar kuzatilsa, bu haqda guruh nazoratchisiga xabar beradi va buni e’tirozlar blankasiga rasmiylashtiradi.
  • abituriyent test sinovi uchun belgilangan vaqt tugagandan keyin test materiallarini to‘liq holatda guruh nazoratchisiga topshirib binodan chiqib ketadi.
  • belgilangan vaqtda test materiallarini topshirmagan abituriyent test sinovidan chetlashtirilgan deb hisoblanadi va uning javoblar varaqasi bo‘yicha natijalar chiqarilmaydi.

Abituriyent test sinovi natijasidan norozi bo‘lsa, yozma tartibda apellyatsiya komissiyasiga ariza topshirishi mumkin.

Video