O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O'zDJTU) haqida umumiy ma'lumot:
O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O`zDJTU) 1949-yilda Toshkent chet tillari pedagogika instituti nomi bilan faoliyatini boshlagan. Universitet 70 yillik tarixga ega.
1992-yili Toshkent chet tillari pedagogika instituti hamda Respublika Rus tili va adabiyoti instituti birlashib, O`zbekiston davlat jahon tillari universiteti maqomiga ega bo`ldi.
Bugungi kunda universitetda 9 000 ga yaqin talaba 20 ga yaqin xorijiy tilni jahon ta’lim standartlari asosida o`rganmoqda. Har yili universitetda 15 ta ta’lim yo`nalishida bakalavr, 13 ta ta’lim yo`nalishida magistrlik darajasiga ega mutaxassislar tayyorlanadi.
Universitet talabalari chuqur bilim va ko’nikmalar asosida til o’rganish, o’qitish, tarjima va talqin qilish malakalariga ega bo’lmoqda. Kun sayin rivojlanib borayotgan tezkor zamonda ta’lim tizimi ham o’zgarmoqda. Oliy ta’lim muassasasida til va madaniyat o’rtasidagi aloqa ta’lim tizimining asosiy tamoyili hisoblanadi.
O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti fakultetlari va yo'nalishlari:
Universitet filologiya va tillarni oʻqitish sohasida taʼlim beruvchi 9 fakultetdan tashkil topgan. Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetida asosiy eʼtibor filologiya hamda jahon tillarini oʻqitishga qaratilgan boʻlib, universitetda jami 9 ta fakultet mavjud. Fakultetlarning barchasi filologiya sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlab keladi. Hozirgi kunda universitetda quyidagi fakultetlar mavjud:
- Tarjimonlik fakulteti
- Ingliz filologiyasi fakulteti
- Ingliz tili birinchi fakulteti
- Ingliz tili ikkinchi fakulteti
- Ingliz tili uchinchi fakulteti
- Roman-german filologiyasi fakulteti
- Rus filologiyasi fakulteti
- Sharq filologiyasi fakulteti
- Media va kommunikatsiya fakultet
Kafedralarning umumiy soni 29 taga teng.
Aynan O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida bir qator xorijiy tillar bo’yicha ko’nikmalarga ega bo’lgan talabalar bugungi kunda xalqaro miqyosda turli jabhalarda faoliyat yuritishmoqda. Universitet bitiruvchilaridan yetuk tarjimonlar, chet tili o’qituvchilari, siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar va turli qo’shma korxonalarda faoliyat olib borayotgan yetakchi mutaxassislarning borligi universitet nufuzi naqadar yuqori ekanligini ifodalaydi.
2018-yili AQSHning Vebster universiteti bilan imzolangan kelishuv asosida bir yillik magistratura akademik Dasturi tashkil etildi. Mazkur magistratura Dasturi Markaziy Osiyoda yagona hisoblanib, bu maskanda butun dunyo yoshlari tahsil olishlari mumkin.