Yapon oʼqituvchilarining har kuni bayramdek ekan
Mandat natijalari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Yaponiyada ishlab yurgan kezlarim bir kuni hamkasbim — oʼqituvchi Yamamotodan soʼradim:
— Yaponiyada oʼqituvchilar kuni qachon? Sizlarda uni qanday nishonlashadi?
U mening savolimga hayron boʼldi va shunday javob berdi:— Bizda oʼqituvchilar uchun maxsus bayram kuni yoʼq.
Uning javobini eshitib, bunga ishonish-ishonmaslikni bilmay qoldim. Xayolimdan bir fikr oʼtdi: Iqtisodiyoti, fan-texnikasi rivojlangan mamlakat boʼlsa, oʼqituvchini, uning mehnatini qadrlashmaydi?
Kunlarning birida ishdan soʼng Yamamoto meni uyiga taklif qildi. U maktabdan uzoqda yashagani sababli biz metroga tushdik. Kechqurun, "tigʼiz vaqt" boʼlgani uchun metro poezdlari yoʼlovchilar bilan toʼlgan. Tiqilinchda biroz qiynalib, tutqichni mahkam ushlab turishga toʼgʼri keldi. Toʼsatdan yonimda oʼtirgan bobo oʼrnidan turib menga joy boʼshatdi. Keksa odamning menga bunday munosabatini tushunmay, uning taklifini qabul qila olmasligimni aytdim. Аmmo, u qarorida qatʼiy edi, men oʼtirishga majbur boʼldim.
Metrodan chiqqandan keyin Yamamotodan oqsoqolning harakatini tushuntirishini soʼradim. Yamamota tabassum bilan kostyumimga qadalgan oʼqituvchi nishoniga ishora qilib dedi:— Bu chol sening oʼqituvchi ekaningni koʼrdi va aynan shu maqoming hurmati, senga joy boʼshatdi.
Yamamotoning uyiga ilk marta tashrif buyurayotganim uchun boʼsh qoʼl bilan borish noqulay edi. Men biror-bir sovgʼa olishga qaror qildim. Oʼz fikrimni unga aytdim. U rozi boʼldi va shu atrofda oʼqituvchilar uchun maxsus doʼkon borligini, u yerda chegirma narxlarda istagan narsani sotib olish mumkinligini aytdi. Hayratimni yashira olmay:— Imtiyozlar faqat oʼqituvchilarga beriladimi, — dedim.
Yamamoto tasdiq ishorasida boshini qimirlatdi:— Yaponiyada oʼqituvchi eng hurmatli kasb egasi, eng hurmatli inson. Аgar oʼz doʼkoniga oʼqituvchi kirganini koʼrsa, yaponiyalik tadbirkorlar juda xursand boʼladi, buni oʼzlari uchun katta sharaf deb biladi.