Qo‘rquv va hayajonni qanday jilovlash mumkin? Abituriyentlarga psixolog tavsiyalari
Mandat natijalari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Qo‘rquv va hayajonni qanday jilovlash mumkin? Abituriyentlarga psixolog tavsiyalari Aslida har qanday imtihon emotsiyalarga boy, hayajonli o‘tadi.
Toshkent davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi, psixologiya fanlari nomzodi Gulmira Boyuzakova abituriyent uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan imtihonda hayajonni jilovlash bo‘yicha tavsiyalar bilan bo‘lishdi.
Abituriyentning imtihon vaqtida muvaffaqiyatga erishishi ikki omilga bog‘liq: nazariy va psixologik tayyorgarlik. U mavzularni qanchalik yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa ham, imtihon vaqtidagi hayajon dushmanga aylanishi mumkin.
Diqqatni jamlang. Titul varag‘ini to‘ldirish kabi barcha rasmiyatchiliklarni bajarib bo‘lgach, diqqatni jamlashga va atrofni unutishga harakat qiling. Siz uchun faqat vazifalar matni va soatlar mavjud bo‘lishi kerak. Qat’iy belgilangan vaqt javoblar sifatiga ta’sir qilmasligi kerak. Javobni kiritishdan oldin savolni ikki marta o‘qing va sizdan nima talab qilinayotganini to‘g‘ri tushunganingizga ishonch hosil qiling.
Osonidan boshlang. Test yechishni sizda shubha tug‘dirmaydigan savollarga javob berishdan boshlang. Uzoq o‘ylantiradigan savollarga ko‘p to‘xtalmang. Shunda ancha tinchlanasiz, yuklama yengillashadi. Miya yanada aniq ishlay boshlaydi. Qolgan butun kuch va diqqatni qiyin savollarga yo‘naltirish mumkin bo‘ladi.
Shoshilmang, vazifani oxirigacha o‘qing. Vazifani birinchi so‘zlaridanoq uning shartini tushunaman deb shoshqaloqlik qilmang. Bunda eng oson savollarga ham xato javob berish ehtimoli oshadi. Shoshqaloqlik natijasida javobi miyangizda naqd bo‘lgan savolni ham boy berishingiz mumkin.
Faqat hozirgi vazifa haqida o‘ylang. Yangi vazifani o‘qiyotganda avvalgi hamma narsani unuting. Testlardagi vazifalar bir-biri bilan bog‘liq emas, shuning uchun siz ilgari qo‘llagan qoidalar va formulalar yangi vazifani to‘g‘ri hal qilishga xalaqit beradi.
Muvaffaqiyatsizlikni unuting. Agar bironta testga javobni bilmasangiz, bu muvaffaqiyatsizlik ta’sirida qolib ketmang. Yangi savolni yangi imkoniyat sifatida qabul qiling. Avvalgi vazifalar natijasidagi tushkunlik keyingi topshiriqlar samarasiga ta’sir ko‘rsatmasin.
Istisno qiling. To‘g‘ri javobni bilmasangiz, noto‘g‘riligiga ishonchingiz komil bo‘lgan javoblarni ketma-ket chiqarib tashlang. Bu variantlar o‘rtasida tanlov doirasini toraytiradi.
Tekshirib ko‘ring. Bajargan topshiriqlaringizni tekshirib chiqishga vaqt ajrating, hech bo‘lmaganda ko‘z yugurtirib, xatolarni ko‘rish uchun vaqt toping.
Taxmin qiling. Aniq javobga ishonchingiz komil bo‘lmasa, intuitiv ravishda biror variantni tanlang. Ba’zida intuisiyaga ishonish kerak.