Mandat.uz Abituriyentlikdan
talabalik sari

IIV akademiyasida kiberxavfsizlik fakulteti tashkil etiladi

07-fevral 14:44
IIV akademiyasida kiberxavfsizlik fakulteti tashkil etiladi

“Raqamli texnologiyalar vositasida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish sohasi uchun professional kadrlar tayyorlash tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.

2025-2026 o‘quv yilidan har yilgi qabul parametrlari (kvotalari) doirasida quyidagi yo‘nalish va mutaxassislik joriy etiladi:

  • Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “yurisprudensiya” ta’lim yo‘nalishida o‘qish muddati to‘rt yilni tashkil etadigan “Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishi;
  • O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasida o‘qish muddati bir yilni tashkil etadigan “Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligi.

Iste’dodli nomzodlarga quyidagi imtiyozlar taqdim etiladi:

▪️“Raqamli texnologiyalar sohasida jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyati” yo‘nalishiga matematika, informatika, dasturlash va axborot texnologiyalari bo‘yicha nufuzli xalqaro, mintaqaviy hamda respublika olimpiadalari sovrindorlari dastlabki tanlovdan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng o‘qishga yakka tartibdagi yakuniy suhbatsiz qabul qilinadi;▪️“Kiberxavfsizlikni huquqiy ta’minlash” magistratura mutaxassisligiga Raqamli texnologiyalari vazirligi tomonidan belgilanadigan nufuzli xalqaro IT-sertifikatga ega nomzodlar tanlovning mutaxassislik fanlari bo‘yicha “informatika va axborot texnologiyalari” fanidan imtihon topshirishdan ozod etiladi.

2025 yil 1 iyulgacha IIV Akademiyasi tuzilmasida mavjud shtatlar doirasida kiberhuquq, aniq fanlar, raqamli texnologiyalar va axborot xavfsizligi hamda kriminalistik ekspertizalar kafedralarini o‘z ichiga oluvchi Kiberxavfsizlik va raqamli kriminalistika fakulteti tashkil etiladi.

Huquqni muhofaza qilish akademiyasining axborot-ta’lim portali orqali surishtiruvchilar, tergovchilar hamda prokuratura organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlari uchun masofaviy shaklda “Raqamli kriminalistika” yo‘nalishi bo‘yicha doimiy maxsus o‘quv kurslari tashkil etiladi.