Xususiy universitet: o‘qishga arziydimi yoki yo‘q?
Mandat natijalari elon qilindi
➡️ MANDAT 2024
Nega abituriyentlar davlat oliygohi va xususiy OTM orasida bu qadar katta farq ko‘rishadi?
Keling, shu haqida biroz o‘ylab ko‘ramiz.
Ta’lim eng katta bozordan biriga aylangani hech kimga sir emas. Talab bor — taklif hamisha tayyor. Bir zamonlar yigitlar armiyada xizmat qilmasa, uyat sanalganidek, bugun oliy ma’lumotli bo‘lmaslik uyatli hisoblanadi. Hozir yigitlar armiyaga borgan-bormagani bilan kimdir qiziqadimi? Deyarli yo‘q! Vaqti kelib "oliy ma’lumotli" degan nishon ham hech kimni qiziqtirmay qo‘yadi. Unda faqat mehnat, qobiliyat va natija qadrlanadi. Lekin u davrgacha hali bor. Shu sababdan keling, biz hozir siz bilan xususiy universitetlar faoliyati haqida gaplashamiz.
Xo‘sh, nega ularni hamma yomon ko‘radi?
Siz, xususiy universitetlar haqida yomon fikrda bo‘lgan abituriyent, nega ularni yomon ko‘rasiz? Topshirgan oliygohingiz bilan ularning qanday farqi bor? Axir butun dunyoda ta’lim amaliyoti shunday, eplagan qaddini ursin!
Xorijda ayni biror universitetga topshirishdan maqsad o‘sha universitetdagi qaysidir professor yoki dasturga qiziqish, ishtiyoq bo‘ladi. Masalan, siz nega O‘zMUga topshirdingiz-u, unga kirolmaganingizdan xafasiz? Undagi biror professorni taniysizmi, dars sistemasi bilan tanishsizmi? Nega???
Xususiy OTMlarning paydo bo‘lishi va ko‘payishi ta’limda ham raqobatni yuzaga keltiradi va bu faqat yaxshilikka ishlaydi. O‘zbekistonda OTMga kirish jarayoni oson (ha, u chindan ham oson)ligini inobatga olsak qachondir shunday bo‘lishi kerak edi. Ya’ni oliy ma’lumotlilar ko‘payadi, lekin ularning orasidan faqat chin bilimlilari o‘z sohasida davom eta oladi. Va shu zaylda oliy ma’lumotli bo‘lish degan trend to‘lqini biroz pasayadi.
Xo‘sh, xususiy universitetda o‘qishning qayday yomon tomoni bor?
Diplomi "o‘tmaydimi?" Hozir shunday zamon kelyaptiki, hatto davlat OTMlarining diplomi ham hech qayerda "o‘tmayapti". Kuchlilar qolyapti, sohasiga adashib kelib qolganlar, diplom olsam bo‘ldi deb o‘qishga kirganlar o‘sha diplomini quchoqlab yuribdi. Haqiqat shunday.
Siz davlat OTMiga kirolmasangiz va xususiy OTMni ham rad qilsangiz, qimmatli bir yilingizni yoqishingizni tushunyapsizmi? Xususiy universitetdan davlat OTMiga "perevod" qilish mumkinligini inobatga olsak, why not? Nega o‘qimaysiz xususiy universitetda?
Bugun ko‘pgina xususiy OTMlar chet tilida dars berish amaliyotini yo‘lga qo‘ygan. Shuningdek, bir qancha OTMlar nomi tarkibidagi "Xalqaro" so‘zi qachondir sizning foydangizga ishlashi ham mumkin. Shuningdek, davlat OTMida o‘qigan kishi sifatida ayta olamanki, xususiy universitet sizning erkinligingizni bo‘g‘maydi. Shunda ham agar o‘qish yoqmasa, davlat OTMga o‘qishni ko‘chiraverasiz. Muhimi – bir yil yo‘qotmaysiz.
Xulosa: bu xususiy OTMlar reklamasi emas, shunchaki mulohaza. Xususiy OTMdan qo‘rqmang yoki hech bo‘lmasa nafratlanmang. Agar ichingizda olov bo‘lmasa, bilimingiz bo‘lmasa, xususiy OTMda o‘qiysizmi yo davlatnikida, baribir hayot sizni bir chekkaga uloqtirib yuboradi. Hamma gap sizning ichingizda, o‘zingizda, oliygohda emas! Oqimga qarshi suzish har doim ham qo‘rqinchi va xavfli emas. Omon bo‘ling!